“Budjet intizomiga rioya etilishini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Joriy yilning 7-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida vazirlik markaziy apparati, Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda hududiy boʻlinmalar xodimlari ishtirokida “Budjet intizomiga rioya etilishini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad davlat moliyaviy intizomini mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni oldini olish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda sohadagi qonunchilik talablarini xodimlarga keng tushuntirishdan iborat boʻldi.

Davra suhbatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Komplayens xizmati boshqarmasi bosh mutaxassisi Muhammadjon Abdurazzoqov hamda Ichki audit departamenti boshqarma boshligʻi Farrux Aminov maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Tadbir davomida:
budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish;
shtat-smeta intizomiga rioya etish;
korrupsiyaviy holatlarning oldini olish;
manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari;
ichki audit va nazorat tadbirlari natijalari;
xodimlarning huquqiy madaniyati va masʼuliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyati, moliya organlari xodimlarining huquq va majburiyatlari, deklaratsiya taqdim etish tartibi hamda qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Maʼruzachilar tomonidan 2025–2026-yillarda oʻtkazilgan tahliliy oʻrganishlar va audit tadbirlari natijalari asosida aniqlangan kamchiliklar, ortiqcha rejalashtirilgan xarajatlar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning fikr va mulohazalari eshitilib, budjet intizomiga qatʼiy rioya qilish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni kuchaytirish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.
