Navoiy viloyatida davlat xaridlari va “yashil xaridlar” bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi
Davlat xaridlari tizimida qonuniylik, shaffoflik va raqobat muhitini mustahkamlash, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda ekologik barqaror xaridlar amaliyotini kengaytirish maqsadida joriy yilning 6–9-oktabr kunlari Navoiy viloyatida davlat buyurtmachilari va tadbirkorlik subyektlari uchun qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etildi.

O‘quv kurslari Navoiy viloyatining Navoiy shahri, Zarafshon shahri va Nurota tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
30-yanvardagi PF–16-son Farmonida belgilangan vazifalar, shuningdek, 2024-yil 10-iyuldagi PQ–249-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi. Tashkil etilgan o‘quv kurslar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining Davlat budjetining g‘azna ijrosi kafedrasi mudiri R. Bakiyeva va kafedra katta o‘qituvchisi B. Muhammad tomonidan olib borildi. Mashg‘ulotlarda jami 248 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi O‘RQ–684-son “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining
mazmun-mohiyati, davlat xaridlarini tashkil etish tamoyillari, xarid tartib-taomillari, buyurtmachilar va tadbirkorlik subyektlarining huquq hamda majburiyatlari, raqobatni rivojlantirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari yoritildi. Shuningdek, davlat xaridlari jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish va xaridlar samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ahamiyati tushuntirildi.

Alohida e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-sentabrdagi 480-son qarori bilan bog‘liq yangiliklarga qaratildi. Qarorning mazmun-mohiyati, davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor va boshlang‘ich narxini aniqlash mexanizmlari, narxlarni asoslash hamda elektron vositalardan foydalanishning ahamiyati izohlandi. Ushbu mexanizmlarning joriy etilishi
xarid qiymatining iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishi, budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish va davlat xaridlari ustidan nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kurslarning muhim yo‘nalishlaridan yana biri “yashil xaridlar”ni amalga oshirish bo‘ldi. Tinglovchilarga ekologik mezonlarni xarid jarayonlariga tatbiq etish, energiya va resurs tejamkor mahsulotlarni tanlash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda davlat xaridlari orqali yashil iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
