footer-logo

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va
moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi

gerbflag
Bosh sahifaOʻzbekistonda Jahon bankining PforR instrumentini joriy etish boʻyicha trenerlar tayyorlash dasturiga start berildi

Oʻzbekistonda Jahon bankining PforR instrumentini joriy etish boʻyicha trenerlar tayyorlash dasturiga start berildi

news-image

Joriy yilning 20–21-may kunlari Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi hamkorligida “Jahon bankining natijaga asoslangan moliyalashtirish (PforR) instrumentini Oʻzbekistonda qoʻllash” mavzusida oʻquv kurslarini tashkil etish uchun trenerlar tayyorlash dasturi (Training of Trainers – ToT) boʻyicha seminar-trening tashkil etildi.

photo_2026-05-22_13-00-56

Mazkur tashabbus avvalroq Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi masʻul xodimlari bilan muhokama qilinib, unda respublika vazirlik va idoralari uchun PforR instrumenti boʻyicha maxsus qisqa muddatli oʻquv kurslarini yoʻlga qoʻyish, trenerlar tayyorlash hamda davlat boshqaruvida natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini keng joriy etish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishilgan edi.

Treningning asosiy maqsadi — Jahon bankining natijaga asoslangan moliyalashtirish (Program for Results – PforR) instrumentidan samarali foydalanish, loyihaoldi hujjatlarini xalqaro talablar asosida sifatli tayyorlash, investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash, shuningdek vazirlik va idoralar mutaxassislarining mazkur yoʻnalishdagi salohiyatini oshirishdan iborat.

photo_2026-05-22_12-30-56

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki oʻrtasidagi kelishuvga asosan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi PforR instrumenti boʻyicha ixtisoslashgan metodologik markazi sifatida belgilandi. Shu asosda vazirlik va idoralar, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarini mazkur yoʻnalishda tizimli tayyorlash boʻyicha ilk amaliy qadamlar tashlandi.

Seminar-trening davomida Jahon banki ekspertlari tomonidan PforR instrumentining xalqaro amaliyoti, davlat dasturlarini natijaga asoslangan moliyalashtirish mexanizmlari, monitoring va baholash indikatorlari, loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash standartlari hamda institutsional islohotlarda ushbu yondashuvning ahamiyati yuzasidan batafsil taqdimotlar oʻtkazildi.

Mazkur tashabbus Oʻzbekistonda davlat moliyasini samarali boshqarishni takomillashtirish, budjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

2026-05-21
6
Chop etish