O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi chorak asrdan sal ko‘proq vaqt avval — 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida qabul qilingan.
Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb e’lon qilgan holda, mamlakatda demokratik islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda ijtimoiy hayotni yangilash uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. U millatlararo totuvlikni mustahkamlash, tarixiy va madaniy an’analarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat suvereniteti, jamiyatda tinchlik va totuvlik tamoyillariga rioya etish, hayotning barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishning kafolatidir. Ushbu hujjat O‘zbekiston davlatchiligining eng yangi bosqichini boshlab bergan bo‘lib, bugungi kunda ham har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qiladi.
Konstitutsiya Kuni — erkin va kuchli davlat ramzi, mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz hayot sifatini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir.