18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatni rivojlantirishning yangi bosqichida moliya tizimida malakali kadrlarning roli, moliya tizimi xodimlariga qo‘yiladigan talablar o‘sib bormoqda. Vazirlik rahbariyati tizimdagi kadrlarining kasbiy ta’limini oshirishga, kadrlarni qayta tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. Aynan shu maqsadda 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda byudjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash O‘quv markazi tashkil etilgan.

Iqtisodiyotni isloh qilish davrida byudjet tashkilotlarining yangi o‘zaro moliyaviy munosabatlarini tashkil etish, moliya tizimini tubdan o‘zgartirish davrida O‘quv markazining vazifalari tizimning istiqbolli kadrlarini tayyorlash, G‘aznachilik organlari, Davlat moliyaviy nazorati departamenti, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda vazirlikning boshqa bo‘linmalari va departamentlarining mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishdan iborat. O‘quv markazida bu ishni ko‘p yillik nazariy va amaliy tajribaga ega 15 nafar malakali mutaxassisdan iborat professor-o‘qituvchilar olib bormoqda.

O‘quv markazining yangi binosida tinglovchilar bilan keng qamrovli ishlar olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Binoda 10 ta o‘quv auditoriyalari zamonaviy kompyuter texnikalar, interaktiv ekranlar bilan jihozlangan. Ta’lim jarayonidagi qulayliklar uchun 32 ta monoblok va 10 ta interaktiv panellar o‘rnatilgan. O‘qitish auditoriyasida Moliya vazirligi tizimi turli xil bo‘linmalarining 120 dan ortiq tinglovchisi o‘z malakasini oshirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etib, nutq so‘zladi. Yangi binoni tantanali ochilish marosimida ko‘plab mehmonlar ishtirok etishdi. Shu jumladan: Xideki Mori – O‘zbekistonda Jahon banki (JB) vakolatxonasining rahbari, Silviya Malvichine – O‘zbekistonda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakolatxonasining rahbari, Alkis Drakinos – Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki (YTTB) vakolatxonasining rahbari, Zafar Xashimov – O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) vakolatxonasining rahbari, Rafael Jozan – O‘zbekistonda Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) vakolatxonasining rahbari, Galina Kostina – O‘zbekiston Respublikasida Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) vakili, Begzod Djalilov – O‘zbekistonda Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) katta iqtisodchisi, Dilshod Axundjanov – Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining (YTTB) yetakchi bankiri, Moliya vazirining o‘rinbosarlari, Moliya vazirligi boshqarmalarining rahbarlari va boshqalar ishtirok etdi.