
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi tomonidan maʼmuriy islohotlar natijasida vazirlik faoliyatiga kiritilgan oʻzgartirishlar va uning tarkibiy tuzilmasi bilan tizim xodimlarini yaqindan tanishtirish maqsadida “Vazirlik departamentlarining ustuvor vazifalari: ochiqlik va moliyaviy intizom” mavzusida vebinar o‘tkazildi.
Ma’lumki, joriy yilning iyul oyidan davom etib kelayotgan mazkur vebinarda markaziy apparat tizimidagi faoliyat yurituvchi departamentlar — Kichik va oʻrta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qoʻllab-quvvatlash va davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti, Davlat boshqaruvi, hokimiyat va boshqa organlar faoliyatini moliyaviy taminlash boshqarmasi, Xizmatlar sohasini rivojlantirish boshqarmasi, Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish va tahlil qilish departamenti vakillari hamda malakali mutaxassislari ishtirok etdi.
Vebinarda yuqorida qayd etilgan departament mutaxassislari tomonidan hozirda tizimlar faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlar va ularning afzalliklari, rivojlantirishga asoslangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, asosiy funksiya va vazifalari zamonaviy texnologiyalar asosida ishtirokchilarga taqdimot qilindi.
Vebinar ishtirokchilari hozirda soha yo‘nalishlaridagi yangiliklar, amalga oshirib kelinayotgan islohotlar yuzasidan kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, tahliliy va amaliy jihatdan o‘tkazilgan ushbu trening davomida o‘zlarining savollariga keng va atroflicha javob oldilar.
Aytish kerakki, qiziqarli bahs va munozaralarga boy bo‘lgan bu kabi vebinarlarning o‘tkazilishi kelgusida soha rivoji, ayniqsa mutaxassislarning bilim, ko‘nikma va, o‘z navbatida, malakasini oshirish hamda faoliyatini samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.