O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi bilan hamkorlikda
2020-yil 24-sentabr kuni “Budjet qonunchiligi buzilishi holatlarini tahlil qilish va profilaktikasini amalga oshirishda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlar” mavzusida (Zoom ilovasi orqali) vebinar tashkil etildi.

Bo‘lib o‘tgan seminarda Moliya vazirligining markaziy apparati va barcha tarkibiy bo‘linmalardan xodimlar bevosita ishtirok etdilar.
Ushbu seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad – “Inson resurslarini rivojlantirish” tamoyili asosida xodimlarning kasbiy mahoratlarini rivojlantirish va faoliyat samaradorligini oshirishdir.

Seminar O‘quv markazining “Davlat moliyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Nasiba Azadovna Aripova tomonidan olib borildi.
O‘tkazilgan seminarda Davlat moliyaviy nazoratini tashkil etishning jahon tajribasi, moliyaviy nazorat tarixi, nazoratning yuzaga kelishi va zarurati, rivojlangan davlatlar tajribasi va xalqaro moliyaviy nazorat organlari, ichki nazorat, ichki auditning maqsad va vazifalari hamda budjet qonunchiligining buzilish holatlarini tahlil qilish va profilaktikasini amalga oshirish yo‘nalishlari va turlari, shuningdek, Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2019-yil yakuni va 2020-yilning 1-yarim yilligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan budjet qonunchiligining buzilish holatlari bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar bo‘yicha nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi.
Ma’ruzachi N. Aripova seminarni olib borishda zamonaviy dars o‘tish metodlaridan to‘liq foydalangan holda slaydlar, jadvallar, infografikalardan foydalandi.
O‘tkazilgan onlayn seminar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Seminar yakunida savol-javoblar berib borish bilan birga, tinglovchilar tomonidan mavzuga oid takliflar ham kiritildi.