Toshkent shahri, 2026-yil 2-aprel
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil
13-maydagi 23-118-son “2025–2030-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasida belgilangan islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga muvofiq, vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining budjet soʻrovlarini shakllantirish va oʻrta muddatli budjetni tayyorlash boʻyicha salohiyatini oshirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 2-aprel kuni tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻining moliya va budjet masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari uchun “Budjet soʻrovlarini tayyorlash va oʻrta muddatli budjetni shakllantirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mutaxassislari, xususan, Davlat budjeti siyosati departamenti boshligʻi oʻrinbosari Shohruh Ishanqulov, Budjet jarayonini takomillashtirish va hisob uslubiyoti boshqarmasi boshligʻi Bekzod Narzullayev hamda Konsolidatsiyalashgan budjetni shakllantirish va davlat maqsadli jamgʻarmalari monitoringi boʻlimi bosh mutaxassisi Azizjon Muxiddinov ishtirok etdilar.

Davra suhbatida ma’ruzachilar tomonidan budjet soʻrovlarini shakllantirishning zamonaviy yondashuvlari, oʻrta muddatli budjetlashtirishning asosiy tamoyillari, shuningdek, budjet jarayonini takomillashtirishga oid amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Shu bilan birga, hududiy moliya organlari faoliyatida uchrayotgan muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha fikr almashildi.

Mazkur tadbir davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish, budjet intizomini mustahkamlash va natijadorlikka yoʻnaltirilgan budjetlashtirish amaliyotini keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻquv markazi tomonidan bu kabi amaliy tadbirlarning tashkil etilishi kelgusida iqtisod va moliya sohasi mutaxassislari uchun kasbiy faoliyatida samaradorlik va natijadorlikka erishishiga xizmat qiladi.