
Global bozorning shiddat bilan o‘sishi rivojlanishning tubdan yangilangan bosqichiga o‘tdi va moliyaviy hisobotning hamda auditning xalqaro standartlariga (MHXS va AXS) zarurat tug‘ildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-son “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2018-yil 19-sentabrdagi PQ-3946-son “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida aynan buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil etish belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Toshkent moliya instituti hamkorlikda 2021-yil 21-mayda tashkil etilgan konferensiyaning maqsadi-raqamli iqtisodiyot sharoitida buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil etishning dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Anjumanda soha vazirlik va idoralar xodimlari, oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlarining professor-o‘qituvchilari, akademiyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari va moliya institutlarining iqtisodiyot sohasi mutaxassislari, shuningdek, buxgalteriya hisobi sohasi mutaxassislari, doktorantlar, tadqiqotchilar va magistrlar ishtirok etdi.
Konferensiyada Moliya vazirligi xodimi Otabek Barakaev tomonidan buxgalteriya hisobi va audit sohasida amalga oshirilyotgan islohotlar, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari, xususan auditning xalqaro standartlarga o‘tishda uning qonuniy asoslari bo‘yicha taqdimot qilindi.
Shuningdek, konferensiyada raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va auditni ahamiyati, buxgalteriya hisobi va auditni halqaro standartlarga muvofiqlashtirishning ustuvor masalalari, davlat sektorida byudjet hisobini standartlarni joriy etish muammolariga bag‘ishlangan taqdimotlar ham bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotlardan so‘ng mazkur masalalar yuzasidan qizg‘in savol-javoblar asosida muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Konferensiya so‘nggida yakuniy xulosalar qilinib, soha mutaxassislarini mazkur yo‘nalishlardagi islohotlarni o‘zaro hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati