Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasidagi “Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun davlat moliyasi” qoʻshma dasturini amalga oshirish loyihasi doirasida “Dasturiy byudjetlashtirish” tizimini joriy etish boʻyicha hamkorlik olib borilmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida 2025-yilning 22-24-oktyabr kunlari vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari uchun dasturiy budjetlashtirish tizimining amaliy jihatlari hamda budjet dasturlarini ishlab chiqish va samaradorligini baholash boʻyicha koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida "Dasturiy budjetlashtirish boʻyicha trenerlar uchun trening" (Training-of-Trainers) mavzusida amaliy seminar-trening oʻtkazildi.

Ushbu seminar treningda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, vazirlik huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi, Budjet-soliq ilmiy tadqiqotlar instituti hamda sinov tariqasida toʻliq dasturiy budjetlashtirish tizimi joriy etilayotgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Treningning asosiy maqsadi ishtirokchilarning nafaqat bilimlarini mustahkamlash, balki ularni kelgusida ushbu tizimni keng joriy etish uchun amaliyotchi murabbiylar (trenerlar) sifatida tayyorlash va ularning salohiyatini oshirishdan iborat boʻldi. Uch kunlik intensiv oʻquv dasturi asosida oʻtkazilgan seminar trening xalqaro ekspert Tatyana Vinogradova va mahalliy ekspert Rustam Maxmudovlar tomonidan olib borildi. Faol muloqat va amaliy savol javoblar shaklida oʻtkazilgan mazkur seminarda vazirlik va idoralar maʼsul xodimlarining dasturiy budjetlashtirish boʻyicha amaliy koʻnikmalari rivojlantirildi. Trening yakunida “Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun davlat moliyasi” loyihasi doirasida dasturiy budjetlashtirish boʻyicha trenerlar uchun treningni (ToT) muvaffaqiyatli tamomlagan barcha tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.