Joriy yilning 30-mart–1-aprel kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida xorijiy ekspert Andra Larin tomonidan malaka imtihonlariga talabgorlarni tayyorlash hamda sertifikat egalarining malakasini uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonlari uchun trenerlar (ekspertlar) tayyorlash va saralab olish maqsadida treninglar oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun: Andra Larin davlat moliyasini boshqarish va audit sohasida tajribali ekspert hisoblanib, 2025-yildan boshlab “Davlat sektorida ichki audit xodimlarini sertifikatlash tizimini takomillashtirish” loyihasida maslahatchi sifatida ishtirok etmoqda.
Treninglarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bilim va malakalarni baholash agentligi va Oʻzbekiston Auditorlar palatasining masʼul xodimlari hamda davlat organlari va tashkilotlari ichki audit xizmatlarini yetarli bilim va tajribaga ega xodimlari, oliy taʼlim muassasalarining audit yoʻnalishi boʻyicha
professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga sertifikatlash tizimini takomillashtirish hamda imtihonni oʻtkazish, sertifikatlash imtihoniga tayyorgarlik dasturini oʻqitish, amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish va sifatni taʼminlash mavzularida taqdimotlar oʻtkazildi.
Trening mashgʻulotlari qizgʻin muhokama, bahs va munozara koʻrinishida boʻlib oʻtdi hamda yakunda ishtirokchilarga treninglardagi ishtiroki boʻyicha sertifikatlar taqdim etildi.

Shuningdek, kelgusida ichki audit xizmatlari xodimlarini sertifikat boʻyicha malaka imtihonlariga tayyorgarlik va uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonlariga ekspert sifatida taklif etish rejalashtirildi