Joriy yilning 8-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi xodimlari uchun “Ilmiy tanlov mavzulari va ilmiy loyihalarni shakllantirish tartibi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Mazkur seminarni oʻtkazishdan asosiy maqsad xodimlarga ilmiy tanlovlarda ishtirok etish uchun mavzularni toʻgʻri tanlash, maqsadli va tematik ilmiy loyihalarni shakllantirishda amaliy yondashuvlarni tushuntirish hamda ularning ilmiy tadqiqot salohiyatini yanada oshirishdan iborat.

Tadbir davomida ilmiy loyihalarning asosiy turlari – fundamental, maqsadli va tematik loyihalar, ularning oʻziga xos jihatlari, tanlov talablariga mos ravishda dolzarblikni asoslash, loyiha maqsadi va vazifalarini aniqlash, kutilayotgan ilmiy-amaliy natijalarni belgilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy loyihalarni shakllantirish jarayonida tez-tez uchraydigan xatoliklar va ularni bartaraf etish yoʻllari amaliy misollar orqali tushuntirib berildi.

Mazkur seminarni iqtisodiyot fanlari doktori (DSc), professor Raxmatullayeva Durdona Ravshanovna olib bordi. Trening jarayonida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi, ular tomonidan berilgan savollarga asosli javoblar berildi, shuningdek, ilmiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish boʻyicha muhim tavsiyalar taqdim etildi.

O‘tkazilgan seminar Oʻquv markazi mutaxassislarining ilmiy faoliyatini tizimli tashkil etish, sifatli ilmiy loyihalar tayyorlash hamda respublika va tarmoq miqyosidagi tanlovlarda faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qiladi.