Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2021-2022-yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning 40.3-bandida Iqtisodiy sudlarning sudyalari uchun har yarim yilda kamida bir marta Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida malaka oshirish kurslarini tashkil etish belgilangan.
Mazkur bandning ijrosini taʻminlash maqsadida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Markaziy banki, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligining 2021-yil 24-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida kapital bozori ishtirokchilarini oʻqitish va qayta oʻqitish hamda ularning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi”ning 3-bandida ham Iqtisodiy sudlarning sudyalari uchun har yarim yilda kamida bir marta Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida malaka oshirish kurslarini tashkil etish qayd etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 7 noyabridan 17-noyabriga qadar Oʻquv markazida Iqtisodiy sudlarning sudyalari uchun онлайн шаклда “ZOOM” платформаси орқали “Kapital bozori asoslari” mavzusida malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Qimmatli qogʻozlar egalarining qonuniy huquq va manfaatlarini adolatli tarzda himoya qilinishi investorlarning mamlakatamizga boʻlgan ishonchini mustaxkamlashga, iqtisodiyotga investitsiyalar oqimini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Bu borada sud-huquq tizimining oʻrni kattadir. Shu munosabat bilan sudyalar sohani tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni yaxshi oʻzlashtirgan boʻlishi, qonunchilik normalarini adolatli tarzda qoʻllay olishi, qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida yetarli maʼlumotga ega boʻlishi lozim. Mazkur oʻquv kursini tashkil etishdan asosiy maqsad iqtisodiy (maʼmuriy) sudyalarning kasb mahorati, sohaga oid ilgʻor xorijiy tajribalar, yangi bilim va malakalarni oʻzlashtirish, shuningdek amaliyotga joriy etish koʻnikmalarini takomillashtirishdan iborat.
Oʻquv kursini samarali tashkil etish maqsadida mashgʻulotlarga respublikamizning ilgʻor oʻquv muassasalarining professor-oʻqituvchilari, moliya bozorining yetakchi mutaxassislari jalb qilindi.
Oʻquv kursi jarayonida bugungi kundagi kapital bozori toʻgʻrisidagi dolzarb maʻlumotlar, Fond bozorini tartibga solish masalalari, sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlar batafsil yoritildi.