Moliya vazirligida Jahon sog'liqni saqlash va ovqatlanish amaliyoti rahbari Taniya Dmitrichenko boshchiligidagi Jahon bankining missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Yig'ilish boshida hukumatning sog'liqni saqlash sohasini rivojlantirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo'yicha sa'y-harakatlari qayd etildi. Xususan, sog'liqni saqlashni moliyalashtirish tizimidagi hamda tibbiy sug'urtani amalga oshirish yo'nalishlaridagi islohotlar va loyihalar ta'kidlandi.
Sog'liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Moliya vazirligi huzuridagi DXHni rivojlantirish agentligi, Sog'liqni saqlash vazirligi va Xalqaro moliya korporatsiyasining bemorlarga xalqaro standartlarga javob beradigan dializ xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi gemodializ markazlarini yaratish bo'yicha qo'shma loyihasi muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar sog'liqni saqlash sohasini rivojlantirish bo'yicha bosh rejani va ushbu sohani moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, onkologiya sohasi, kabi kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini belgilab oldilar.