14-iyun kuni Moliya vazirligida Yevroosiyo guruhining jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha ijrochi kotibi Sergey Teterukov bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida 2019-yil 6-dekabrdan boshlangan Jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha Yevroosiyo guruhiga a'zo davlatlarning o'zaro baholash bo’yicha ikkinchi raundi doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg'in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini baholashning asosiy tartib-qoidalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda Moliya vazirligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlar muhokama qilindi. Moliya vaziri o’rinbosari Dilshod Sultonov xususiy sektorning xabardorligini oshirish maqsadida vazirlikning rasmiy veb-saytida jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga qarshi kurashish bo'yicha maxsus axborot bloki joylashtirilganini alohida ta'kidlab o’tdi.

Shu bilan birga, endilikda xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish uchun tahdidlar, zaifliklar va jinoiy daromadlarni yuvishning oqibatlari haqida tushunishni kuchaytirishga qaratilgan muntazam uchrashuvlar o'tkazib boriladi.
Shu o’rinda ta’kidlash joizki, vazirlik sug'urta, auditorlik va lizing tashkilotlari, qimmatbaho metallar va toshlar bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar hamda joriy yilning 1-mayidan qimmatli qog'ozlar bozorining professional ishtirokchilari va lotereyalar tashkilotchilari faoliyatida xavflarni baholash uchun mas'ul hisoblanadi.
Har bir sektor uchun "Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonunga muvofiq, pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi barcha tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan ichki nazorat qoidalari tasdiqlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha qo'shma tadbirlarni o'tkazishda Jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha Yevroosiyo guruhiga a'zo davlatlarning samarali hamkorligini ta'minlash va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati