Korrupsiyaga qarshi kurashish – har qanday davlatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligi uchun juda muhim va ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bu kurash nafaqat qonun ustuvorligini ta’minlaydi, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy ahamiyati quyidagilardan iborat: iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi, davlatga bo‘lgan ishonchni oshiradi, adolat va qonun ustuvorligini kafolatlaydi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda sifat oshadi, xalqaro reyting va imidj yaxshilanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash – bu faqatgina huquq-tartibot idoralarining vazifasi emas, balki har bir fuqaro, davlat xizmatchisi va tadbirkorning ham burchidir.

Shu munosabat bilan, 2025-yil 11-noyabr sanasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida Iqtisodiyot “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi. Tadbirning asosiy maqsadi — davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirish, halollik tamoyillarini mustahkamlash hamda korrupsion xavf-xatarlarning oldini olishda samarali mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etishdan iboratdir.

Seminar-treningda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati boʻlimi yetakchi mutaxassisi Abdurazzoqov Muhammad Gʻofurjon oʻgʻli korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, xodimlar faoliyatida halollik va ochiqlik muhitini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
Tadbir davomida “Oʻzbekiston Respublikasi Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.

Seminarning navbatdagi qismida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti bosh mutaxassisi Uraqova Dilfuza Rustam qizi “Davlat xaridlari milliy va xalqaro tajriba, amaliyotdagi muammolar” mavzusida ma’ruza taqdim etdi.
Shuningdek, Oʻquv markazi katta oʻqituvchisi Boltayev Sanjar Botirovich “Davlat xaridlari sohasida korrupsion holatlarni oldini olish va bartaraf etish” mavzusida ma’ruza bilan chiqdi. U davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, ochiq raqobat muhitini yaratish va korrupsion xavflarni kamaytirishning muhim jihatlarini batafsil yoritdi.

Seminar yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan oʻz fikr va takliflarini bildirdilar, korrupsiyaning oldini olishda amaliy yondashuvlarni muhokama qildilar. Tadbir ishtirokchilari bunday seminar-treninglar xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.