
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2021-yil 6-may kuni Jahon Banki vakillari bilan hamkorlikda "Qishloq xo'jaligi yerlarini baholashning eng yaxshi usuli bormi?" mavzusida ikkinchi "virtual" davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbir Jahon Banki ko'magida tashkil etilgan davlat va shahar yerlarini boshqarish, shuningdek ko'chmas mulkni boshqarishga bag'ishlangan bir qator virtual davra suhbatlarining davomi hisoblanadi.

Davra suhbatida Jahon Bankining Yer va geografik masalalar bo'yicha jamoasi, Davlat ro'yxatidan o'tkazish, kadastr va kartografiya Federal xizmati, xalqaro ekspertlar, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, DSQ huzuridagi Kadastr agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakillari hamda "Ko'chmas mulkni ro'yxatga olish va kadastr tizimlarini modernizatsiya qilish" loyihasi jamoasi ishtirok etdi.

Jahon Banki ekspertlari qishloq xo'jaligi yerlarini baholash va yerdan foydalanish shartlari, shuningdek qishloq xo'jaligi yerlariga bo'lgan huquqlarni himoya qilish bilan bog'liq xatarlarni baholash bo'yicha ilg'or xalqaro tajriba bilan o'rtoqlashishdi. Ushbu davra suhbatida O'zbekiston tomonidan qishloq xo'jaligi yerlarini baholashni yanada takomillashtirish bo'yicha taqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining davlat ro'yxatidan o'tkazish, kadastr va kartografiya federal xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasida qishloq xo'jaligi yerlarini baholash hamda qishloq xo'jaligi yerlarini xususiylashtirish tarixi bo'yicha taqdimot namoyish etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari qishloq xo'jaligi yerlarini baholash, yer huquqiy munosabatlarini yanada takomillashtirish va qishloq xo'jaligi yerlarini soliqqa tortish bilan bog'liq boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati