
Joriy yilning 30-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni
(PF–71-son, 21.04.2025-y.) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–147-son, 21.04.2025-y.) mazmun-mohiyatini keng yoritishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davra suhbatida O‘quv markazining mutaxassislari, vazirlikning hududiy iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limlari, vazirlik huzuridagi tashkilotlardan G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hududiy bo‘linmalari, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlarining malaka oshirayotgan mutaxassis kadrlari ishtirok etdi.
O‘quv markazining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati bo‘limi bo‘yicha mas’ul katta o‘qituvchi Sanjar Boltayev tomonidan mazkur farmon va qarorning mazmun-mohiyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati, amaliy chora-tadbirlar dasturi, davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor vazifalari, 2025-yil 1-iyulgacha “E-anticor.uz”da ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, hisobotni elektron taqdim etish, anonim so‘rovnomalar o‘tkazib e’lon qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushirilishi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
O‘z navbatida, mazkur davra suhbatida ishtirok etgan tinglovchilar farmon va qaror ijrosi bo‘yicha tahlillardan o‘zlariga kerakli xulosalarga ega bo‘ldilar, kelgusida faoliyatida qo‘llashi mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan o‘z savollariga ma’ruzachi tomonidan atroflicha javob oldilar.