
Kapital bozorining rivojlanishi iqtisodiyotni uzoq muddatli moliyaviy resurslar bilan ta'minlab, yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlashga qaratilgan makroiqtisodiy siyosatning muhim elementi hisoblanadi.
Kapital bozori moliyaviy resurslarning jamg‘aruvchilar va investorlardan qo‘shimcha moliyaviy resurslarga ehtiyoji bo‘lgan xususiy sektor vakillari, banklar, davlat korxonalari va Hukumatga bozor mexanizmlari asosida transmissiya bo‘lishini ta'minlaydi.
Natijada, moliyaviy resurslar iqtisodiyotning katta potensialga ega bo‘lgan sektor va tarmoqlari o‘rtasida oqilona va samarali taqsimlanib, foydalanilmayotgan jamg‘armalar foydali investisiyalarga aylanadi va iqtisodiyotda kapital shakllanadi. Bu, o‘z navbatida, yuqori iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshiradi.
Kapital bozorining rivojlanishi uchun (1) barqaror makroiqtisodiy muhit, (2) izchil rivojlanayotgan moliyaviy tizim va (3) mustahkam huquqiy baza zarur hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ–5053-son qaroriga muvofiq Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilib, uning barcha vazifa, funksiya va vakolatlari Moliya vazirligiga o‘tkazildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sohani rivojlantirishga yangi impul's berish, mavjud institusional salohiyatdan foydalangan holda islohotlarni jadallashtirish hamda ularni moliya sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan uyg‘unligini ta'minlashdan iborat.
Xalqaro tajribaga ko‘ra, mamlakatdagi moliya bozorlarining rivojlanish darajasi hamda mavjud institusional salohiyatga qarab kapital bozori Hukumat yoki mustaqil idoralar tomonidan tartibga solinadi.
Rivojlanayotgan mamlakatlar orasida Malayziya, V'etnam va Kolumbiyada Moliya vazirligi yoki uning tarkibida bo‘lgan davlat idorasi, Rossiya, Gruziya va Vengriyada Markaziy bank kapital bozori regulyatori bo‘lsa, kapital bozori nisbatan rivojlangan Singapur, Argentina va Braziliyada regulyator Hukumatdan mustaqil bo‘lgan idora hisoblanadi.
Dastlabki bosqichlarda kapital bozorini rivojlantirish uchun asosiy drayver bo‘lib davlat qimmatli qog‘ozlarining (DQQ) chiqarilishi xizmat qiladi.
Xususan, DQQ bozori makroiqtisodiy va fiskal riskni boshqarish uchun instrument bo‘lib xizmat qilishi bilan bir qatorda tashkilot va korxonalarning mahalliy kapital bozordagi qarz qimmatli qog‘ozlari uchun benchmark daromadlilik chizig‘ini yaratadi.
Bu borada Moliya vazirligi tomonidan DQQ bozorini rivojlantirish bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSh G‘aznachiligi bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2018-yil dekabr oyidan boshlab milliy valyutada DQQ chiqarish amaliyoti qayta tiklandi. Natijada, 2019 yilda chiqarilgan DQQ hajmi 1,5 trln. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda mazkur ko‘rsatkich 3 barobarga ortib, 5 trln. so‘mga yetgan.
Ichki moliyaviy resurslarning cheklanganligi tufayli erkin bozor munosabatlariga o‘tish va iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitlarida iqtisodiyotdagi “investision chanqoqlik”ni tashqi manbalar hisobidan moliyalashtirishni taqozo etmoqda.
Xususan, Moliya vazirligi tomonidan 2019-yilda 1 mlrd. AQSh dollari va 2020-yilda 750 mln AQSh dollari ekvivalentidagi xorijiy va milliy valyutadagi ilk suveren xalqaro obligasiyalar, shu bilan birga vazirlikning bevosita ko‘magida “Sanoat qurilish bank”, “O‘zmilliybank” va “Ipoteka-bank” banklarining ilk korporativ xalqaro obligasiyalari xalqaro moliya bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi.
Mazkur tajribalar zarur infratuzilma shakllantirilgan taqdirda xorijiy investorlarni mahalliy kapital bozoriga jalb qilishga zamin yaratadi.
Mahalliy kapital bozorining muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda uni isloh qilish va rivojlantirish Moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi davlat korxonalari va bank tizimi islohotlari, pensiya, sug‘urta hamda soliq tizimidagi davlat siyosati bilan hamohang ravishda olib borilishini ta'minlaydi.
Davlat korxonalaridagi davlat ulushining aksiyalarni birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif usullari yordamida sotish orqali xususiylashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, davlat xususiylashtirish dasturining muvaffaqiyati mahalliy kapital bozorining rivojlanishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Moliya vazirligi kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish hamda xorijiy va mahalliy investisiyalarni kapital bozoriga kengroq jalb qilish bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy investorlar, brokerlar, ekspertlar va boshqalar bilan faol hamkorlikni davom ettiradi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati