
Xoh xususiy korxona, xoh katta ishlab chiqarishni boshqaruvi, biznes bilan shug'ullanish har doim bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Ushbu qiyinchiliklarning asosiylaridan biri – moliya. Shu sababli, barcha hisobotlarni malakali va aniq yuritilishini ta'minlash juda muhimdir. Shunda biznes yurituvchi shaxs yoki korxonalarning o'zlari hisob varaqlarning holati to'g'risida ishonchli ma'lumotga ega bo'lishlari va potentsial hamkorlar kelgusidagi qo'shma biznes loyihalari to'g'risida ishonch bilan qaror qabul qilishlari mumkin bo’ladi.
Bu, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qo’l keladi, chunki ba'zi hollarda xalqaro kapital bozoriga chiqish kompaniyalar uchun yanada katta istiqbollarni ochib beradi. Chet el mamlakatlarilarida allaqachon standartlashtirilgan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) uzoq vaqtdan beri muvaffaqiyatli qo'llanilib kelinmoqda, shu asosda ma'lum bir kompaniyaning mavqei, uning hozirgi faoliyati va istiqbollari, shuningdek mumkin bo'lgan investitsiyalarning ratsionalligi va ulardan olinadigan daromadni osonlikcha baholash mumkin.
O'zbekistonda MHXSni keng ko’lamda joriy etish masalasi dolzarbdir. Mamlakatimiz Moliya vazirligi anchadan beri ushbu masala bilan shug'ullanib kelmoqda va soha mutaxassislarining moliyaviy savodxonligini oshirmoqda. 16-sentabr kuni profimsfo.uz o'quv platformasida o'zbek va rus tillarida boshlangan "Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari asoslari" bepul onlayn kurslari bunga yana bir misoldir. Ularning maqsadi MHXS asosida moliyaviy buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tamoyillari to'g'risida asosiy bilimlarni berishdir. Ushbu o’quv kursini tugatgandan so'ng tinglovchilar mustaqil ravishda yoki qo'shimcha malaka oshirish yordamida xalqaro sertifikatlash dasturlari bo'yicha imtihonlarni topshirishga tayyorgarlik ko'rishlari mumkin (masalan, Diplom in International Financial Reporting - DipIFR va boshqalar).
"Ikki tilli kurslar ochilganidan so'ng, 700 dan ortiq kishi darhol ro'yxatdan o'tib, o'qishni boshladilar", deydi Tatyana Shalunova, Profi Training biznes maktabining rivojlanish bo'yicha direktori, MHXS bo'yicha sertifikatga ega murabbiy. - Ishtirokchilarning qiziqishi kun sayin tobora ortib bormoqda: agar sentabr oyida ro'yxatdan o'tgan ishtirokchilarning qariyb yarmi o'z faolligini namoyon etgan bo'lsa, oktabr oyida bu ko’rsatkich 90%ni tashkil etamoqda. Biz faqat asosiy dastur bilan cheklanib qolmaymiz. Masalan, 30-sentabr kuni bo'lib o'tgan qo'shimcha onlayn seminarda tinglovchilarning asosiy xatolari tahlil qilinib, eng yaxshi natijalarga erishgan tinglovchilarni kutib turgan sovg'alar e'lon qilindi.
Bugungi kunda 1,6 ming muassasa - davlat va xususiy tashkilotlar, aksiyadorlik jamiyatlari, MChJ, banklar va boshqalarning 4 mingdan ortiq xodimlari ushbu kurslarda malaka oshirish istagini bildirgan. Tinglovlarning fikr-mulohazalari yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni to’laqonli tasdiqlaydi:
- O’quv kursi mavzulari va mashg'ulotlarning o'zi biz uchun juda ham foydali bo’ldi. Mashg’ulotlat tajribali mutaxassis tomonidan olib borildi. Biz nafaqat xalqaro moliyaviy hisobot standartlari bo'yicha asosiy ma'lumotlar bilan tanishdik, balki ularning amalda qo'llanilishini o'rganib chiqdik, hujjat aylanishining o'ziga xos xususiyatlarini chuqurroq o'zlashtirdik, - dedi "O'zbektelekom" AK buxgalteriya hisobi va hisobotlari bo'limi boshlig'i Rustam Normatov.
- O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan onlayn kurslar mamlakatimizda MHXSni tatbiq etishdagi yangi sahifani ochmoqda, chunki ular keng doiradagi mutaxassislarga mavzu doirasida professional darajada chuqur yondashishga, zarur bilim va amaliy ko'nikmalarni egallashga yordam beradi, - deydi "O'zbekiston temir yo'llari" AJning MHXS ni joriy etish sektori rahbari Jaxongir Razzoqov. - Men va hamkasblarim MHXS bo'yicha o'zimizning tayyorgarlik darajamizni yaxshilashga umid qilgan holda katta ishtiyoq bilan kurs ishtirokchilari bo'ldik. Biz iqtisod fanlari nomzodi, ACCA xalqaro sertifikatiga ega buxgalterlar assotsiatsiyasining faxriy a'zosi Kirill Popadyuk kabi ustozlardan minnatdormiz. Ularning tajribasi va fanlarni chuqur egallaganligi tahsinga sazovor. O'quv kursi davomida, biz mavjud bo'lgan shaklda, MHXSning tub asoslari to'g'risida juda ko'plab qimmatli ma'lumotlarni oldik.
Bugungi kunga qadar Moliya vazirligining Norma professional rivojlanish markazi hamda "Profi Training" biznes maktabi bilan hamkorlikdagi bepul onlayn mashg'ulotlari 4 mingdan ziyod turli soha vakillarining diqqatiga sazovor bo'ldi.