Kichik tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va yoshlar bandligini oshirish, shuningdek, davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PQ–249-son qarori qabul qilindi. Qarorda har yili kamida bir marta nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xaridlarida ishtirok etish tartib-taomillari yuzasidan qisqa muddatli bepul o‘qitish kurslarini tashkil etish belgilangan.

“Davlat xaridlari” bo‘yicha tasdiqlangan dastur va reja-jadvaliga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining Davlat budjetining g‘azna ijrosi kafedrasi katta o‘qituvchisi S. Boltayev joriy yilning 12–14-noyabr kunlari Jizzax viloyatida bo‘lib, ma’ruzachi sifatida maxsus seminar-trening olib bordi. Seminar-treningda elektron do‘kon va auksionlarda ishtirok etish tartibiga alohida to‘xtalib o‘tildi, tanlash va tender hujjatlarini tayyorlash haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari tomonidan davlat buyurtmachilari va xarid qilish tartib-taomillari ijrochilariga shartnomalarni bajarish vaqtida kelib chiqadigan sudgacha bo‘lgan nizolarning belgilangan tartibda hal etilishida ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi ham aytib o‘tildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlik subyektlari xaridlar sohasida bilim va malakasini doimiy oshirib borishi uchun O‘quv markazi tomonidan yaratilgan masofaviy ta’lim portali (masofa.tcmf.uz) bilan ham tanishtirildi.

Ta’kidlash joizki. Mazkur tashkil etilgan seminar-treningda ishtirokchilar davlat xaridlari yuzasidan bilimlarini mustahkamlab oldilar, fikr va mulohazalar, savol-javoblar natijasida kerakli va asosli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.