Joriy yilning 12-mart kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi negizida “Nomarkazlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish mahalliy budjetlarning daromadlar qismi barqaror o‘sishi va mintaqalarni ijtimoiy rivojlantirishning omili sifatida” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada Moliya vazirligi vakillari, BMTTD xodimlari, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti hamda Budjet-soliq tadqiqotlar instituti mutaxassislari, viloyat va tuman hokimiyatlari xodimlari, mamlakatimiz va xorij universitetlarining olim va magistrlari ishtirok etdi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isakov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ma’lumki, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish jarayoni izchil va faol tarzda davom etmoqda. Bunda Davlat budjetini nomarkazlashtirish, respublika hokimiyat va boshqaruv organlari vazifalarining bir qismini viloyatlar, shaharlar va tumanlar darajasiga berish masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar g‘oyasi hududlarni har tomonlama va muvozanatli rivojlantirish, mintaqalarda mavjud bo‘lgan tabiiy-xomashyo, ishlab chiqarish va mehnat salohiyatidan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish hamda aholining hayot darajasi va sifati muttasil o‘sib borishi, shuningdek joylardagi ijrochi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirishni ta’minlashdan iborat.
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish jarayoni mahalliy hokimlik organlari faoliyati samaradorligi va shaffofligini oshirish, ularning vakolatlari va mustaqilligini, shuningdek hisobdorligini kuchaytirishga qaratilgan.
2020-yildan boshlab Davlat budjeti Oliy Majlis tomonidan qonun shaklida qabul qilindi.

Bu moliyaviy intizomni oshirish va budjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni ta’minlashga imkon beradi. Joriy yilning budjeti moliyaviy nomarkazlashtirish tomoniga keyingi qadamlarni ko‘zda tutadi, ya’ni hududlardagi mahalliy va ijrochi hokimiyat organlarining moliyaviy mustaqilligini kengaytirish va ta’minlash. So‘nggi ikki-uch yilda mahalliy hokimiyatlarning vakolatlari va javobgarligi bunga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Konferensiyaning maqsadi – davlat boshqaruvi va budjetni nomarkazlashtirish asosida mahalliy budjetlarning daromad bazasi barqarorligini oshirish asosida hududlarni ijtimoiy rivojlanishini ta’minlash masalalarini tahlil qilish asosida ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiyada quyidagi masalalar muhokama qilindi: davlat boshqaruvi va budjet nomarkazlashuvini amalga oshirish uchun ilmiy asoslar; O‘zbekistonda ma’muriy islohotlar sharoitida budjet nomarkazlashuvi holati va ustuvorliklari; mamlakatning ijtimoiy rivojlanishida davlat boshqaruvi va budjet nomarkazlashuvining roli; davlat boshqaruvi va budjetni nomarkazlashtirish mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha eng yaxshi xorij tajribasi; davlat boshqaruvi va budjetni nomarkazlashtirish asosida mahalliy budjetlar daromadlari barqarorligini ta’minlash, budjetlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish; mahalliy budjetlarni mamlakat hududlarining ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashdagi rolini oshirish.

Konferensiya qatnashchilari Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xaridlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Olive Leonard, Moliya vazirligi Davlat budjeti Bosh boshqarmasi boshlig‘i J.I. Abruyev, Moliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i B.E. Nurmatov, O‘zbekiston Milliy universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori, “Budjetni nomarkazlashtirish va mahalliy budjetlarning hudud iqtisodiyotini rivojlantirishdagi rolini oshirish” loyihasi rahbari X.P. Abulqosimovning ma’ruzalarini tingladilar.