So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida byudjet jarayonining shaffofligini hamda budjet jarayonida fuqarolarni ishtirokni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ-5072-son “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, bunga ko‘ra joriy yildan boshlab 14 ta hududda har bir tuman va shaharlarda tegishli budjetlarning 5 foiz mablag‘lari jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘nalitirilishi belgilandi.
2022-yildan boshlab esa mazkur tartib respublikaning barcha tuman va shaharlariga tadbiq etiladi.
Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Moliya vazirligi jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirishda keng jamoatchilikni jalb qilish yuzasidan tanlab olingan 14 ta tuman va shaharlarda o‘quv seminarlar o‘tkazilishi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlab yuborildi.
Jumladan, joriy yilning 23-aprel kuni Moliya vaziligi, Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda Davlat budjeti departamenti, Byudjet-soliq tadqiqotlar instituti, Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh (trener-konsultantlar) uchun onlayn trening o‘tkazildi. Keyinchalik esa ushbu ishchi guruh tomonidan tanlab olingan 14 ta tuman va shaharlarda jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish yuzasidan o‘quv seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur treningni o‘tkazishda Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi huzuridagi Ilmiy tadqiqotlar moliya institutining Tashabbusli budjetlashtirish markazi direktori V.V.Vagin ekspert sifatida jalb qilindi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ushbu ekspert “Rossiya - BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda bilimni boshqarish va salohiyatni kengaytirish” loyihasi ko‘magida jalb etildi.
Trening davomida V.V.Vagin tomonidan trening qatnashchilari tashabbusli budjetlashtirish sohasida xalqaro tajriba bilan tanishtirib o‘tildi va fuqarolarni mazkur jarayonlarga jalb qilish bo‘yicha o‘quv materiallar taqdim etildi. Shuningdek, treningda takliflarni tanlab olish, ularni moliyalashtirish hamda tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, yuzaga kelgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati