2021-yil 5-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki audit xizmati xodimlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 280-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi to‘g‘risida nizom korporativ boshqaruvda ichki nazorat tizimini samarali tashkil qilish va ichki audit xizmatini malakali mutaxassislar bilan ta'minlash maqsadida, ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash va ularning reestri yuritilishi tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom bo‘yicha ichki auditorlarni sertifikatlash tartibi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari, ya'ni O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assosiasiyasi va O‘zbekiston auditorlar palatasi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur nizomda quyidagilar o‘z aksini topgan:
talabgorga qo‘yiladigan malaka talablari;
sertifikat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati;
sertifikat olish uchun malaka imtihonini topshirish, sertifikatni rasmiylashtirish va berish, amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish hamda amal qilishini tugatish tartibi;
ichki auditorlar reestirini yuritish tartibi.
Shuningdek, Nizomada talabgorlarga malaka imtihoni topshirmasdan ichki audit sertifikati olish imkoniyati belgilangan. Jumladan, talabgorlar quyidagilardan biriga ega bo‘lgan taqdirda, sertifikat malaka imtihonini topshirmasdan beriladi:
auditor malaka sertifikati mavjud bo‘lsa;
buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro sertifikati mavjud bo‘lsa;
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa;
kamida o‘n yil uzluksiz ichki auditor ish staji mavjud bo‘lsa.
Sertifikat ichki auditorning professional malakasini tasdiqlaydi va sertifikat egasiga tadbirkorlik sub'ektlarining ichki audit xizmatida faoliyat ko‘rsatish huquqini beradi.
Bundan tashqari, ushbu nizomda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan ichki auditorlar reestrini o‘zlarining veb saytida omma uchun ochiq tarzda yuritilishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarori bilan tasdiqlangan Korxonalardagi ichki audit xizmati to‘g‘risidagi nizomning 6 bandiga o‘zgartirish kiritilib, endilikda ichki audit xizmati xodimlari ichki auditorning malaka sertifikatiga ega bo‘lishi shartligi ta'kidlangan.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati