2026-yil 26-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-treningi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PQ-397-son “Davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilib, unda Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarining iqtisodiyot va moliya organlari, shuningdek, tuman va shahar hokimliklarining budjet daromadlarini prognozlashtirishga mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

O‘quv treningi davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirishning amaldagi va yangilangan tartibi, prognozlash metodologiyasi, shuningdek, PQ-397-son qarorida belgilangan vazifalar va undan kutilayotgan natijalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Hamda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining “Davlat moliyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi N.A. Aripova tomonidan 2026-yilga mo‘ljallangan soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash hamda mahalliy budjet daromadlarini shakllantirish bo‘yicha xorijiy tajribalar tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qarori doirasida mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirish, mahalliy budjet daromadlarining kassa ijrosi hamda xufyona iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, PF-246-son Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Trening doirasida davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish metodologiyasi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar taqdim etildi.

Mazkur o‘quv treningi hududiy darajada budjet daromadlarini aniq va asosli prognozlashtirish, budjet intizomini mustahkamlash hamda davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.