2026-yil 23-yanvar kuni Oʻquv markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi “Davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-397-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shahar hokimliklari vakillari uchun oʻquv treningi tashkil etildi.

Treningda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, shuningdek, tuman va shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimlarining budjet daromadlarini prognozlashtirishga masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Oʻquv treningi davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligining malakali mutaxassislari tomonidan PQ-397-son qarorining maqsad va vazifalari, undan kutilayotgan natijalar, shuningdek, davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibi va metodologiyasi batafsil yoritib berildi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-son qarori mazmun-mohiyati, qaror doirasidagi asosiy oʻzgarishlar, mahalliy budjet daromadlari kassa ijrosi, Oʻzbekiston Respublikasida xufyona iqtisodiyot ulushi hamda uni qisqartirishning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-246-son farmonining mazmuni va vazifalari boʻyicha keng qamrovli maʼlumot va tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, vazirlik mutaxassislari tomonidan davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirish metodologiyasi boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilib, tinglovchilarning savollariga atroflicha javoblar berildi.
Oʻquv treningi doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazining “Davlat moliyasi” kafedrasi katta oʻqituvchisi N.A. Aripova tomonidan soliq siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari, mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish hamda budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari, hamda mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishning xorijiy tajribasi va Oʻzbekiston uchun xulosalar tahliliga bagʻishlangan maʼruzalar oʻqildi.

Mazkur oʻquv treningi mahalliy budjet daromadlarini aniq va asosli prognozlashtirish, budjet intizomini mustahkamlash hamda davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.