2025-yil 15-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida “O‘zbekiston Respublikasi davlat xaridlari faoliyatining yangi vositalarini ishlab chiqish” hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik dasturi doirasida tashkil etildi.

Seminar Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori S. Nazarov boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi rahbar va xodimlari, shuningdek, Byudjet-soliq ilmiy tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdilar.

Inna Nikolayevna Rykova va Makar Igorevich Kudelich tomonidan davlat xarid tizimini rivojlantirishga doir mavzularda chiqishlar qilindi.

Makar Igorevich Kudelich “2025–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasida davlat xarid tizimini takomillashtirish va rivojlantirish strategiyasiga muvofiq barqaror xaridlarni joriy etish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.

Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ham mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdilar, muhokamalar o‘tkazildi hamda davlat xaridlarida barqarorlik tamoyillarini amaliyotga joriy etishning istiqbollari muhokama qilindi.

