Nemis Xalq Universitetlari Assotsiatsiyasining Oʻzbekistondagi filiali (DVV International) tomonidan 2024-yilning 25-27-sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Katta yoshdagilar uchun taʼlimning onlayn-transformatsiyasi: zamonaviy interaktiv vositalar” mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi. Mazkur treningda turli hududlardan kelgan yetakchi mutaxassislar va halqaro trenerlar qatorida Oʻquv markazining “Davlat moliyasi” kafedrasi dotsenti B. Ilxomov ishtirok etdi. Semirant-trening davomida ishtirokchilar onlayn taʼlim jarayonlaridagi mavjud muammolar, yutuq va kamchiliklarini muhokama qilib, raqamli muhitda taʼlim jarayonlarini amalga oshirishdagi yangi yondashuvlarga eʼtibor qaratdilar.

Treningning asosiy maqsadi kattalar taʼlimi boʻyicha oʻqituvchi va mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar va interaktiv vositalardan foydalangan holda taʼlim jarayonlarida zamonaviy interaktiv vositalardan foydalanishga qaratildi. Ishtirokchilarga onlayn taʼlim platformalari va xizmatlariga oid koʻrsatmalar taqdim etiladi, interaktiv oʻquv materiallarini yaratish tamoyillari va onlayn kurslarning tuzilishi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi. Ayniqsa, zamonaviy pedagogika vositalari orqali oʻquvchilarni kurslarni tugallashga ragʻbatlantirish, ularning diqqat-eʼtiborini safarbar qilish hamda onlayn oʻqitishda faol ishtirokini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Treningning eʼtiborga molik jihatlaridan biri — oʻqitish jarayonida muloqot tamoyillaridan foydalanish boʻldi.

Ishtirokchilar onlayn muhitda interaktiv va samarali oʻquv jarayonini yaratishda oʻzaro hurmat va muloqotning muhimligini oʻrgandilar. Ishtirokchilarga bir qator zamonaviy interaktiv platformalar va xizmatlar, jumladan, Padlet, Wordwall, Mentimeter, Classroomscreen kabi xizmatlar tanishtirildi. Ushbu vositalar orqali ishtirokchilar oʻz oʻquv jarayonlarini yanada qiziqarli tashkil etishlari uchun imkoniyatlar koʻrib chiqildi. Seminar trening yakunida ishtirokchilarga sertefikatlar taqdim etildi. Seminar-trening dasturi kattalar taʼlimiga oid qator dolzarb masalalarni qamrab olganligi bilan samarali boʻldi.
