Bugungi kunda dunyo miqyosidagi global muammo Covid-2019 pandemiyasi davrida yurtimizda yuzaga kelgan vaziyat — raqamli mahsulotlarning hayotimizga mutlaqo aralashishi muqarrar ekanligini ko‘rsatib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, barcha sohalar singari ta’lim tizimida ham yangi bosqich boshlanganini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi
“2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi PF-5953-son Farmoni va Moliya vazirligining 2020-yil 9-sentabrdagi 79-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlari moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash O‘quv markazida joriy yilning 14-sentabridan Moliya vazirligi tizimi xodimlari uchun malaka oshirish kurslari masofaviy ta’lim shaklida yuqori axborot texnologiyalaridan keng foydalanganholda tashkil etildi.
Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi professor-o‘qituvchilari tomonidan masofadan o‘qitish tizimini mukammal va samarali joriy etish maqsadida o‘quv dasturlar ishlab chiqildi, masofadan onlayn va offlayn shaklda tashkil etiladigan malaka oshirish o‘quv kurslari bo‘yicha o‘quv-metodik materiallar (o‘quv qo‘llanmalar, ma’ruza matnlari, taqdimot slaydlari, nazorat topshiriqlari, keyslar, videomateriallar va test savollari) tayyorlandi va O‘quv markazining ta’lim platformasiga joylashtirildi.
Masofaviy ta’lim shalidagi malaka oshirish kurslariga Moliya vazirligining Markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, vazirlik huzuridagi tashkilotlar va boshqa tashkilotlardan malakali mutaxassislar jalb qilingan holda ZOOM ijtimoiy tarmog‘ida onlayn darslar olib boriladi va malaka oshirish kurslariga qo‘shimcha ravishda seminar, vebinar hamda davra suhbatlari tashkil etiladi.
Masofaviy ta’lim shaklidagi malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga davlat namunasidagi sertifikatlar taqdim etiladi.