O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi bilan hamkorlikda
2020-yil 25-avgust kuni “Boshqaruv faoliyatida nutq madaniyati va notiqlik san’atining o‘rni va ahamiyati” mavzusida (Zoom ilovasi orqali) vebinar tashkil etildi.

O‘tkazilgan vebinar shaklidagi onlayn treningda Moliya vazirligining markaziy apparati va barcha tarkibiy bo‘linmalardan xodimlar bevosita ishtirok etdilar.

Treningni filologiya fanlari nomzodi TIQXMMI “Axborot xavfsizligini ta’minlash” bo‘limi boshlig‘i, Xalqaro “Antik dunyo” va “Turon” fanlar akademiyalarining akademigi Rahimboy Matkarimovich Jumaniyozov tomonidan olib borildi. Ushbu treningda notiqlik turlari, nutq ko‘rinishlari, auditoriyaning psixologik tasnifi mezonlari, tinglovchilar diqqatini faollashtirishning psixologik-pedagogik usullari, auditoriyani tashkil etishning ijtimoiy-psixologik hamda auditoriya diqqatini jalb etish usullari to‘g‘risida bir qancha nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi.
Ma’ruzachi zamonaviy dars o‘tish metodlaridan to‘liq foydalangan holda slaydlar, infografikalardan foydalandi. Shu bilan birga, mavzuni yoritishda trening ishtirokchilari bilan mavzuga oid amaliy mashg‘ulot ham o‘tkazildi.
O‘tkazilgan onlayn trening ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Trening yakunida savol-javoblar berib borish bilan birga, takliflar ham kiritildi.
O‘tkazilgan trening asosiy maqsadi – Inson resurslarini rivojlantirish tamoyili asosida xodimlarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini hamda salohiyatini oshirish, shuningdek rahbar va xodimlarning boshqaruv faoliyatida nutq madaniyati va notiqlik san’atining o‘rni va ahamiyatini rivojlantirish, faoliyat samaradorligini oshirish bo‘ldi.