2020-yilning 27-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining O‘quv markazi tomonidan Moliya vazirligining Markaziy apparati va hududiy tarkibiy bo‘linmalari xodimlari uchun mo‘ljallangan “Davlat organlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi
PF-5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019–2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturining 1-3-bandlari ijrosi bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha namunaviy tadbirlarning ichki idoraviy dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika idoralararo komissiyasining 2019-yil 31-iyuldagi №19/10a-19-son topshiriq xatiga asosan ishlab chiqilgan va 2019-yil 15-oktyabrda tasdiqlangan “Moliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ga muvofiq tashkil etildi.

Ushbu onlayn seminarni O‘quv markazi direktori Xamidova Iroda Gafurovna kirish so‘zi bilan ochib berdi va so‘zni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, i.f.d., professor Jumayev Nodir Xosiyatovichga berdi.
Xususan, Nodir Jumayev o‘z ma’ruzasida Prezidentimiz tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurashishning yangicha usullari, qonuniy asoslarining yo‘lga qo‘yilayotgani, qonun, qaror va boshqa hujjatlarning hayotda o‘z ifodasini topayotganligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi. Ma’ruzachi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda korrupsiyaga qarshi kurashishga ustuvorlik berilishi bejiz emasligi, davlat boshqaruvida korrupsiyaga qarshi kurashishda yaxlit tizim tamoyiliga amal qilish muhim zarurat ekanligini, Oliy Majlis deputatlari, davlat organlari rahbarlari hamda barcha fuqarolar korrupsiyaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishda, qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining ijrosini ta’minlashda o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishlari zarurligi muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, seminarda O‘quv markazi “Davlat budjetining g‘azna ijrosi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Sanjar Boltayev tomonidan davlat organlarida amalga oshirilayotgan korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va ularning ijrosiga oid ma’lumotlar berildi.
Moliya vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan onlayn seminarda qatnashchilar tomonidan soha mutaxassislariga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik, yangi tuzilgan agentlikning vazifalari, ichki nazorat tizimi, moliya, xususan, davlat xaridlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi savollar bilan murojaat etildi va ular o‘z savollariga to‘laqonli javob oldilar.
Onlayn seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy asoslar mustahkamlanib, amaliy ishlar olib borilayotganligi, bu borada ijtimoiy hamkorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish juda muhim ekanligi ta’kidlab o‘tildi.