Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda notariat institutining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat koʻrsatish sifati darajasini oshirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, notarial xizmatlar koʻrsatishning tezkorligini oshirish, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, jumladan, xususiy mulk egalari oʻz mulkini erkin tasarruf etishi va undan foydalanishida ortiqcha byurokratik toʻsiq va gʻovlarni olib tashlash hamda sohani raqamlashtirish boʻyicha qator maqsadli vazifalarni amalga oshirish zamon talablaridan biri boʻlib qolmoqda.
Notariat institutini raqamlashtirilgan modelga oʻtkazish, notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan notariat sohasini tartibga solish maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilganligi va unda quyidagi imkoniyatlar mavjudligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
barcha notarial harakatlarni axborot tizim orqali onlayn tarzda monitoring qilish, noqonuniy xatti-harakatlarni toʻxtatish hamda fuqarolarning shaxsini aniqlashda zamonaviy tekshirish usullaridan foydalanish;
notarial harakatlarni axborot tizimda majburiy qayd etish va har bir hujjatga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish, shu orqali suiisteʼmolchiliklarning oldini olish;
bajarilgan notarial harakatlarni yagona elektron bazada qayd qilish, soxta notarial hujjatlarning rasmiylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik va hujjatlar haqidagi maʼlumotlar tarixini saqlash;
mamlakatning butun hududi boʻylab eksterritoriallik tamoyili asosida notarial xizmatlarni koʻrsatishning sifati va tezkorligi, xodimlar tomonidan oʻz funksional vazifalarining lozim darajada bajarilishi ustidan masofadan turib nazorat qilish;
notarial harakatlar uchun toʻlovlarni avtomatik tarzda hisoblash va elektron toʻlovlarni oʻtkazish, ularni tasdiqlovchi xabarlar yuborish hamda idoralararo elektron axborot almashish.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notarial faoliyat toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, ularni umumlashtirish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish hamda notarial harakatlarni amalga oshirishda tegishli davlat organlari bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini texnik taʼminlash va yuritishga masʼul organ etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020-yil 1-yanvardan davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil qilish haqidagi taklifi maʼqullansin.
Manba:Uza.uz
Batafsil ma'lumot yuklab olish
