Joriy yilning 22–24-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Inson resurslarini rivojlantirish va xodimlarni ma'murlash departamenti hamda Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi bilan hamkorlikda vazirlik tizimining hududiy va tarkibiy bo‘linma tashkilotlarining HR bo‘yicha mutaxassislari uchun “Moliya vazirligida Inson resurslarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Seminarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining mutaxassislari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari hamda boshqa tegishli tashkilotlarning HR sohasidagi malakali mutaxassislari jalb etildi.

E'tiborli jihati shundaki, seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va uni amaliyotda qo‘llash tartibi, nomzodlarning murojaatlar statistikasi hamda xodimlar bilan ishlash mutaxassislari tomonidan nomzodlarni saralab olishda yuzaga keladigan muammolar, yagona milliy mehnat tizimini shakllantirish hamda Inson resurslarini boshqarishda kompetensiyaviy yondashuv va assissment markaz baholash usullari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, o‘tkazilgan taqdimotlar orqali Inson resurslarini rejalashtirish, malakali kadrlarni tanlash, xodimlar ish faoliyatini oshirish, rag‘batlantirish, imtiyozlar joriy etish, xodimlar qo‘nimsizligini kamaytirish, mehnat faoliyatini yanada rivojlantirish singari turli yo‘nalishlarda bilim va tavsiyalar berildi, seminar ishtirokchilari bilan birgalikda savol-javoblar o‘tkazildi, kelgusi faoliyat uchun foydali takliflar bildirildi.
Ta'kidlash joizki, seminar yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, uning so‘nggi kunida HR mutaxassislarining bilim va ko‘nikmlarini doimiy oshirib borish, amaliy bilimlarni nazariy bilimlar bilan mustahkamlash maqsadida tinglovchilarga “Inson resurslarini boshqarish” darsliklari, “Rekrutment” o‘quv qo‘llanmalari hamda malakasini oshirganligi to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati