Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida joylashgan 29 ta savdo obyektlarida alkogol mahsulotlarining chakana savdosi do‘konlarida sotilayotgan alkogol mahsulotlari sifat nazoratidan o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida quyidagi holatlar aniqlandi:
9 ta savdo obyektlarida alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomalari bo‘lmasdan mahsulotlar realizatsiya qilinayotganligi;
Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Chiyali” bozorida turg‘un savdo nuqtalari hamda ruxsat guvohnomasi bo‘lmasdan alkogol mahsulotlari realizatsiya qilinishi tartibga solinmasdan qolmoqda hamda alkogol mahsulotlari sifat nazoratidan o‘tkazilganda qalbaki ekanligi ma'lum bo‘ldi.
Qolaversa, hududlardan tanlanma shaklda xarid qilingan 61 dona aroq mahsulotlarining 58 donasi qalbaki aksiz markalar bilan markalanganligi gumonlanib, “Davlat belgisi” DUK tomonidan ushbu mahsulotlar aksiz markalari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilganida haqiqatdan ham qalbaki ekanligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Davlat soliq organlari tomonidan nazorat kuchaytirilishi hamda ikki xafta muddatda ushbu holatlarga aniqlik kiritilishi rejalashtirilgan.
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi ogohlantiradi:
Qalbaki aksiz markalar bilan markalangan alkogol mahsulotlarinilarini ist'emol qilish inson sog‘ligiga zarar yetkazadi. Zero, inson sog‘ligi hamma narsadan ustun.
Hurmatli tadbirkorlar! Unutmang halol tadbirkor davlat himoyasida. Noqonuniy faoliyatning oldini olish esa doimiy nazoratda.
Alkogol va tamaki mahsulotlariga markalangan aksiz markalarni haqiqiyligini aniqlash bo‘yicha Inspeksiyaning +99871 244 19 95 ishonch telefon raqami yoki @alco_control_bot telegram botiga murojaat qilishingiz mumkin.
Manba: Mf.uz