
Joriy yilning 13-aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5072 sonli Qarori qabul qilindi.
Ma'lumot uchun: Mazkur hujjatga ko‘ra, fuqarolarni budjet jarayoniga yanada jalb qilish maqsadida, joriy yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda budjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. 2022-yildan boshlab esa ushbu tartib barcha tuman va shaharlarga tadbiq etilishi rejalashtirilgan.
Ushbu maqsadlarda joriy yilda istisno tariqasida tuman (shahar)lar budjetlariga respublika budjetidan qo‘shimcha ravishda 92,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lsa, kelgusi yildan boshlab esa mazkur mablag‘lar tegishli tuman (shahar)lar budjeti parametrlarida ko‘zda tutilishi belgilanmoqda.

Ushbu qarorning mazmun-mohiyatini joylarda tegishli tuman moliya bo‘limlari xodimlariga yetkazish maqsadida Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi (BMTTD), Moliya vazirligi huzuridagi budjet-soliq tadqiqotlari instituti hamda Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi mutaxassislari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari, qaror bilan belgilangan yangi tartiblar tushintirib o‘tildi.
Tadbir savol-javob shaklida videokonferensiya formatida tashkil etilib, unda hududiy moliya bo‘linmalari xodimlari Qaror bilan tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma'lumotga ega bo‘lishdi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati