2021 yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri Timur Ishmetov va Xalqaro moliya korporatsiyasi loyiha boshqaruv koordinatori Danielь Susa va bosh ekspert Pamela Xedstorm boshchiligidagi delegatsiyasi bilan videokonferents-aloqa tarzida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda moliya vaziri o‘rinbosarlari Omonullo Nasritdinxodjaev va Odilbek Isakov, Ipoteka krediti bozorini moliyalashtirish va rivojlantirish departamenti direktori Farrux Botirov va ushbu departament xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, uchrashuvda Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari Mariya Turetskaya, Elena Klepikova, Natalьya Pastuxova, Stiven Orleski va boshqalar ham ishtirok etdi.
Moliya vazirligi 2018 yildan buyon Osiyo taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotganligi, mavjud qonunchilik hujjatlari takomillashtirilayotganligi, xususan Moliya vazirligi va tijorat banklari ishtirokida O‘zbekiston ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilganligi, ushbu Kompaniya tomonidan bugungi kunda OTB qarz mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga uzoq muddatli mablag‘lari ajratilayotganligi, tijorat banklari tomonidan ushbu mablag‘lar hisobidan aholiga birlamchi va ikkilamchi bozordagi uy-joylarni sotib olish uchun bozor ipoteka kreditlari hamda uy-joylarni ta’mirlash uchun kreditlar ajratilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, T. Ishmetov bugungi kunda aholini uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida etakchi xalqaro tajribaga asoslangan holda ipoteka bozorini yanada isloh qilish, tijorat banklari ipoteka kreditlash mexanizmlarini takomillashtirish, bank xizmatlari ko‘lamini kengaytirish zarurligiga urg‘u berdi.
Uchrashuvda Pamela Xedstorm O‘zbekistonda uy-joy bozorini rivojlantirishga qaratilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirdi.
Bosh ekspert O‘zbekiston hukumati o‘tgan 2017-2020 yillarda uy-joy qurilishi va ipoteka bozori siyosatini takomillashtirish natijasida bu sohada salmoqli natijalarga erishilganligini qayd etdi. Ipoteka bozorini rivojlantirish kontseptsiyasi ishlab chiqilganligi, Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilganligi va bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlash mexanizmlari joriy etilganligiga ham to‘xtalib o‘tdi.
O‘tkazilgan onlayn uchrashuvda loyiha boshqaruvi koordinatori Danielь Susa O‘zbekistonda aholining uy-joy taьminlanganlik darajasining 2010 yildagi 15 kv.m.dan 2020 yilda 16 kv.m.ga oshganligini, ammo hamon rivojlanayotgan davlatlar darajasidan ortda qolayotganligi, ipoteka kreditlash hajmi o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, lekin mamlakatda hanuzgacha past darajada ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, u XMKning asosiy maqsadi O‘zbekistonda ipoteka
va uy-joylar qurilishi bozorining o‘sish salohiyatini yanada oshirishdan iborat. Buning uchun hamkorlik dasturi doirasida:
- ipoteka bozori ishtirokchilari, jumladan aholining uy-joylar va ipoteka kreditlariga bo‘lgan talabi, shuningdek tijorat banklari va Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi texnik imkoniyatlarini baholash;
- ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini o‘rganish va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlarini (developerlar) o‘rganish, uy-joylar qurilishini moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari, xususan “Eskrou” hisobraqamlari orqali moliyalashtirish tizimini joriy etish orqali aholiga uy-joylar taklifini oshirish;
- tijorat banklarining ipoteka kreditlari xizmat turlarini yanada kengaytirish yordamida kreditlar ommabopligini oshirish, shu jumladan ipoteka omonati (uy-joy qurilish jamg‘arma omonati) tizimini joriy etish;
- kapital bozorini rivojlantirish asosida ipoteka bozoriga uzoq muddatli mablag‘larni jalb etish imkoniyatlarini oshirish, jumladan ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
Uchrashuvda hamkorlik doirasida dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun asosiy vazifalar belgilab olindi va Hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum qilindi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati