
Joriy yilning 28-iyul – 6-avgust kunlari Turkiya Respublikasida TIKA (Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi), Turkiya Respublikasi Davlat xaridlari idorasi (KIK) hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida “Elektron davlat xaridlari tizimi” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi. Mazkur o‘quv kursida vazirlikning malakali mutaxassislaridan vakil sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi katta o‘qituvchisi Muhammad Bahodir ishtirok etdi.
O‘quv kursini tashkil etishdan asosiy maqsad ikki davlat o‘rtasida tajriba almashish, O‘zbekiston kelgusida strategik maqsadlarga erishishda rivojlangan davlatlarning tajriba va yutuqlarini o‘rganish, amalga oshirilayotgan islohotlarda yanada samarali natijaga erishishda foydali jihatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Turkiya davlatining elektron platformasi (EKAP-2) mexanizmi, insofsiz ijrochilarni xariddan chetlashish tartibi, xaridlarni amalga oshirish metodologiyasi va tartib-taomillar bo‘yicha idora mutaxassislari ma’ruza qildilar. Shuningdek, tashrif jarayonida Turkiya Respublikasining Davlat xaridlari idorasi faoliyati, davlat xaridlari tartib-taomili, qonunchiligi va mutaxassislarni malaka oshirishi metod va imkoniyatlari o‘rganib chiqildi. Turkiya Davlat xaridlari idorasi uchun ham O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar — “yashil” xaridlar yo‘nalishi muhimliligi ta’kidlandi.
Turkiya tajribasi o‘rganilganda soha mutaxassislari malakasini oshirish tizimiga ham e’tibor qaratildi. Kelgusida ulardagi o‘quv metodikasi, qo‘llanmalari va ta’lim platformasi (ekapakademi.kik.gov.tr) orqali o‘qitishning ijobiy tomonlarini mamlakatimizda, ayniqsa, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi ta’lim jarayonida ham tatbiq etish maqsadga muvofiqligi xulosa qilindi.