
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazi tomonidan maʼmuriy islohotlar natijasida vazirlik faoliyatiga kiritilgan oʻzgartirishlar va uning tarkibiy tuzilmasi bilan tizim xodimlarini yaqindan tanishtirish maqsadida “Vazirlik departamentlarining ustuvor vazifalari: ochiqlik va moliyaviy intizom” mavzusida navbatdagi vebinar tashkil etildi.
Mazkur vebinarda vazirlikning Davlat budjeti siyosati departamenti, Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi rivojlanishini tahlil qilish va prognozlash boshqarmasi, Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda Soliq-bojxona siyosati va daromadlar prognozi departamentlarining ustuvor vazifalari, faoliyati hamda 2024-yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Vebinarda O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti, davlat budjeti xarajatlari tarkibi, soliq va bojxona qonunchiligi, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan soliq tizimini takomillashtirish, yashil iqtisodiyot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar, oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda ishlab chiqarish va narxlar dinamikasi bo‘yicha tahlillar keng yoritildi.
Vebinar qizg‘in bahs va munozaralar hamda qiziqarli savol va takliflarga boy tarzda o‘tdi. Unda ishtirok etgan vazirlik tizimi xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.
Bu kabi treninglarni tashkil etilishi vazirlik tizimi xodimlarining bilim va ko‘nikmalarni oshirish hamda faoliyatlarini samarali tashkil qilishiga ko‘mak berishi bilan ahamiyatlidir.