Joriy yilning 19-iyul sanasida Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi bosh iqtisodchisi Amanda Sayegx bilan videokonferensiya orqali uchrashuv o‘tkazdi.

Shuningdek, uchrashuvda Xalqaro valyuta jamg‘armasining davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha eksperti Avril Halstid, davlat xususiy sherikchilik, davlat investisiyalari va davlat xaridlarini boshqarish bo‘yicha ekspert Martin Dersi hamda mas'ul departament vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida budjetni tayyorlash va hisobdorligini mustahkamlash, makroiqtisodiyotda fiskal xatarlarni baholash tizimi va metodologiyasini takomillashtirish, xususan, davlat-xususiy sherikchiligi loyihalari va davlat korxonalarining faoliyati bilan bog‘lik fiskal xatarlarini boshqarish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, tomonlar davlat xususiy sheriklik loyihalari, ularni amalga oshirish mexanizmlari, ushbu loyihalarning fiskal xatarlarini aniqlash va boshqarish, banklarni transformatsiya qilish, xususiylashtirish, valyuta indekslari, shuningdek, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashdilar.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi mutaxassislari kelgusi 3 hafta davomida fiskal xatarlarni boshqarishni takomillashtirish yuzasidan Moliya vazirligi tegishli departamentlari, Energetika vazirligi, Transport vazirligi kabi vazirliklar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi va ushbu sohadan vazirlik xodimlariga treyning o‘tkazish yuzasidan kelishib olindi.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar keltirilgan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yuqori darajada davom ettirish hamda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha sherikchilik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanligini ta'kidladilar.
XVF missiyasi natijalari keyinchilik matbuotda e'lon qilinadi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati