Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida malaka oshirish kurslari sifatini yaxshilash, interfaol usullarni va axborot texnologiyalarini keng miqyosda qo‘llash hamda tinglovchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning avgust oyida masofaviy ta'lim platformasi (masofa.tcmf.uz) ishga tushirildi.

Mazkur masofaviy ta'lim platformasida davlat muassasalari, shuningdek davlat korxonalari mutaxassislari quyidagi ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘z malakalarini oshirib kelmoqda:
- “Davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi” kursi (davlat buyurtmachilarining xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas'ul bo‘lgan xodimlari uchun);
- “Budjet hisobi va hisoboti” kursi (byudjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlari uchun).

Masofaviy ta'lim platformasining muhim jihatlaridan biri unda nafaqat kompyuter texnikasi orqali, balki planshet va mobil qurilmalar orqali ham malaka oshirish imkoniyati yaratilgan. Eng asosiysi, ushbu ta'lim platformasida malaka oshirish uchun tinglovchidan mablag‘ talab etilmaydi va unda o‘qish mutlaqo bepul hisoblanadi.
Malaka oshirish istagida bo‘lgan soha mutaxassislari masofaviy ta'lim platformasidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma va platforma haqidagi ma'lumotlar bilan masofa.tcmf.uz sayti orqali tanishishi mumkin.