Joriy yilning 14-mart kuni Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida tinglovchilar – hududiy Gʻaznachilik boshqarmalari “Gʻaznachilik operatsiyalarini monitoring qilish” boʻlimi boshliqlari bilan Moliya vazirligi Gʻaznachiligi “Ichki audit va monitoring boshqarmasi”, “Gʻaznachilik operatsiyalarini monitoring qilish” boʻlimi boshligʻi Ablayarov Shuhrat Oʻktamovich ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Nazorat budjet ijrosi jarayonida muhim boʻgʻin hisoblanadi. Shu bois, davra suhbatida “Gʻaznachilik operatsiyalarini monitoring qilish” boʻlimi boshligʻi Shuhrat Ablayarov hududlarda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarga yangi qabul qilingan qonun hujjatlar xususida, shuningdek, istiqbolda qabul qilinishi kutilayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, tizimdagi oʻzgarishlar haqida atroflicha toʻxtalib o‘tdi. Budjet tizimi budjetlari ijrosida gʻaznachilik operatsiyalarini monitoring qilish, uning ahamiyati, muammolari bo‘yicha tushunchalar berdi. Shu bilan birga, budjet tashkilotlarining yuridik va moliyaviy majburiyatlarni qabul qilishda “DMBAT”, “UzASBO”, “UzASBO Faktura” dasturiy taʼminotdagi nosozliklar, 2022-yildan kiritilgan yangi modullar va ularni yechimi boʻyicha oʻzining maslahatlari va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Davra suhbati davomida tinglovchilar amaliyotda uchrayotgan muammoli vaziyatlar, budjet ijrosini sifatli va oʻz vaqtida samarali taʼminlashni takomillashtirish yoʻnalishida fikr va takliflarini bildirib o‘tdi.

Aytib oʻtilgan mulohazalarni kelgusida nazorat boʻlimi yoʻriqnomasiga kiritish tizim uchun samarali boʻlishi ta’kidlandi. Kelgusida ham bunday formatdagi uchrashuvlarni hududlardan turib, onlayn tarzda vazirlik mutaxassislari bilan muntazam oʻtkazib borishga kelishdilar.