
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sub'ektlari uchun qulay muhit va shart-sharoit yaratish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, tadbirkorlik sub'ektlarini davlat xaridlariga keng jalb qilish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida davlat xaridlarida tadbirkorlik sub'ektlarining ishtiroki kamligi ta'kidlandi.
Davlat xaridlari tizimiga tadbirkorlik sub'ektlarini keng jalb qilish orqali sohada keng raqobat muhitini yaratish maqsadida Moliya vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan joriy yilning 18-martidan 9-apreliga qadar joylarga chiqqan holda xududlarda tadbirkorlik sub'ektlari ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazildi.
Seminar-treningda tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xaridlari sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar, maxsus axborot portallaridagi qulayliklar va undan foydalanish imkoniyatlari batafsil tushintirib o‘tildi.
2021-yil 1-yanvar holatida Respublikamizda ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu davrda faol bo‘lgan 414,1 mingta tadbirkorlik sub'ekti mavjud bo‘lib, davlat xaridlari bo‘yicha tegishli portallarda 100 mingga yaqin tadbirkorlik sub'ekti ro‘yxatdan o‘tgan.
Davlat xaridlari sohasida tadbirkorlik sub'ektlarini keng jalb qilish yuzasidan amalga oshiririlgan chora-tadbirlar natijasida 2021-yil 10-aprel holatiga davlat xaridlari bo‘yicha tegishli portallarda 107,6 mingta tadbirkorlik sub'ekti ro‘yxatdan o‘tdi, ya'ni 2021-yil 1-yanvar holatiga nisbatan 8 %ga o‘sishga erishildi yoki davlat xaridlariga qo‘shimcha 7,7 mingta tadbirkorlik sub'ekti jalb qilinishiga erishildi.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati