
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy taʼlimning ilgʻor standartlarini joriy etish, jumladan oʻquv dasturlarida nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Taʼlimning zamonaviy usul va shakllarini qoʻllagan holda uning amaliyot bilan integratsiyasini taʼminlash borasida hamkorlik nazariy bilimlarning amaliyot bilan uygʻunlashuviga va natijada ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadigan, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlanishiga olib keladi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 18-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash Oʻquv markazida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining ixtisoslashgan yoʻnalishlarida tahsil olayotgan yuqori kurs talabalari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida davlat budjeti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-trening talabalar uchun darsdan tashqari sayyor dars koʻrinishida Oʻquv markazida tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgan “Budjet savodxonligi” haftaligi doirasida oʻtkazildi.
Ushbu seminar-treningda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat budjeti siyosati departamenti boʻlim boshligʻi Sh. Sayfutdinov, Oʻquv markazi direktori I.Xamidova, direktor oʻrinbosari Sh.Xaydarov hamda markazning professor-oʻqituvchilari – Sh.Mirzaxidova, R.Bakiyeva, Muhammad Bahodir va N.Aripovalar budjet va soliq siyosati, davlat budjetining gʻazna ijrosi, bojxona-tarif sohasi, moliya bozori, fuqarolarning pensiya taʼminoti, budjet tashkilotlari va budjet oluvchilarni moliyalashtirish singari yoʻnalishlarda olib borilayotgan islohotlar xususida taʼlimning zamonaviy usul va shakllarini qoʻllab bevosita amaliyot bilan bogʻlagan holda taqdimotlar oʻtkazishdi hamda qiziqarli amaliy mashgʻulot va oʻyinlar tashkil etishdi.
Seminar-treningda talabalar davlat budjeti, budjet jarayoni, gʻaznachilik xizmati faoliyati, davlat xaridlari va boshqa sohalar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan asoslantirilgan javoblar olishdi hamda mavzular doirasida fikr almashishdi.
Yakunda, ishtirokchilar seminar-trening juda qiziqarli oʻtganligini, asosiysi foydali boʻlganligini va bunday tadbirlar talabalarning malakali kadrlar boʻlib yetishib chiqishiga xizmat qilishini eʼtirof etishdi. Shuningdek, bunday sayyor amaliy darslarni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidlashdi.