Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda O’quv markazi hamkorlikda “Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda to‘lanadigan badallarni to‘lash va ish stajiga olish tartibi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ma’sul xodimlari hamda Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga zaxiraga olingan xodimlari va hududiy “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” sho‘basi bosh mutaxassislari ishtirok etishdi.

Davra suhbatini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – pensiya tizimidagi islohotlarni yanada kengroq yoritish, pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda sug‘urta badallarini to‘lash tartibi, pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajlari to‘g‘risida ma’lumotlar berish va bu borada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha fikrlar almashishdan iborat.

Davra suhbatida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining “Pensiya va nafaqa to‘lovi tizimini takomillashtirish” bo‘limi bosh mutaxassisi Ahmedov Alisher Rashidovich ma’ruza bilan ishtirok etdi. Davra suhbati ishtirokchilari chet elda ishlayotgan fuqarolarning pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash tartibi, ularning pensiyasini hisoblash uchun olinadigan ish staji, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xo‘jaligi a’zolarining pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash va ish stajini yuritish tartiblari bo‘yicha batafsil ma’lumot oldilar.

Davra suhbati davomida soha mutaxassislari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga asoslantirilgan javoblarni olishdi, muammoli masalalarning yechimi bo‘yicha fikr almashdilar va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining takliflarini berdilar.