
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 iyuldagi “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-5171-son Qaroriga asosan Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida joriy yilning 30-avgust kuni Jaxon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat xaridlari bo‘yicha xalqaro ekspertlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi Davlat xaridlari departamenti mutaxassislari ishtirokida “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur onlayn seminar davlat buyurtmachilarini xarid qilish tartib taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarining davlat xaridlari sohasidagi kasbiy mahoratini, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Seminarda Jaxon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat xaridlari bo‘yicha xalqaro ekspertlari “Davlat xaridlari tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi tendensiyalar va istiqbollar” hamda Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat xaridlari bo‘yicha xalqaro ekspertlari “Islom taraqqiyot banki loyihalari doirasida xarid jarayonining shaffofligi va hisobdorligining asosiy mexanizmlari” mavzuslarida taqdimot qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi Davlat xaridlari departamentining yetakchi mutaxassislari tomonidan “Davlat xaridlarini takomillashtirishda amalga oshirilayotgan islohotlar” haqida ma’lumotlar hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” O‘RQ-684-son Qonunning ayrim moddalariga izohlar berildi.
Tadbir so‘ngida, davlat buyurtmachilarini xarid qilish tartib taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarining muntazam ravishda bilim va ko‘nikmalarni oshirishi uchun Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi tomonidan yaratilagan masofaviy ta’lim platformasi (masofa.tcmf.uz) ishga tushurilganligi haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlash kerakki, o‘tkazilgan seminar qizg‘in tarzda olib borildi, seminar qatnashchilari xalqaro ekspertlar hamda mutaxassislar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar, izohlar va tushunchalar orqali o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldilar, shuningdek, qiziqtirgan savollariga to‘laqonli javob oldilar.