Dunyo taraqqiyoti shiddati, unda kechayotgan voqealar rivoji barcha sohalar kabi ta’lim-tarbiya jarayoniga ham yangicha yondashuv, innovatsiyalarni tatbiq etishni taqozo etmoqda.
Bunda avvalo ta’lim sifatini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglar malakasini oshirib borish, ta’lim jarayoniga zamonaviy va ilg‘or pedagogik texnologiyalarini joriy etish muhim hisoblanadi. Zamonaviy ta’lim malaka oshirish jarayonlarida ham pedagog-o‘qituvchilardan innovatsion ta’lim metodlari va ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda tinglovchilar faolligini oshira olish, rag‘batlantirish va boshqarish ko‘nikmalarini o‘z ichiga olgan kasbiy kompetensiyaga ega bo‘lishlarini talab etmoqda.

Malaka oshirish jarayonini samarali tashkil etishda o‘qituvchi pedagoglardan andragogik yondashuv asosida ilg‘or ta’lim metodlari va pedagogik texnologiyalarni qo‘llay olishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 26-aprelidan 3-may sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining professor-o‘qituvchilari va xodimlar uchun 36 soatga mo‘ljallangan “Pedagogik mahorat” bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim pedagog va raxbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borildi.
Ushbu malaka oshirish kursida “Ta’limda innovatsion mobillik, pedagogik dizayn”, “Pedagogik mahorat: pedagogik qobiliyat hususiyatlari, pedagogik takt va pedagogik imidj”, “Pedagoglarda kreativlik sifatlari va malakalari. O‘qituvchi kreativligini rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribalar”, “Pedagogning kasbiy kompetentligi. Kommunikativ kompetentlik” hamda “Ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishda innovatsion yondashuv” mavzulari bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Kurs yakunida markaz xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim pedagog va raxbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy-metodik markazi tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.
