O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida maʻnaviy-maʻrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish bo‘yicha 2023 yil uchun mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq O‘quv markazida mehnat qilayotgan xodimlarning mamlakatimizdagi konstitutsion islohotlarga bevosita daxldorlik hissini yanada kuchaytirish hamda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadada 2023 yil 25 aprel kuni «Xalqning oliy huquqiy hujjati» mavzusida seminar o‘tkazildi. Mazkur seminar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazining katta anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu seminarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining katta maslahatchisi Xamroev Sirojpo‘lat “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi mazmun-mohiyati” mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.

Taqdimot davomida S.Xamroev Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasida inson qadri va uning manfaatlari uchun keng ko‘lamdagi o‘zgarishlar o‘z aksini topayotganligini taʻkidlagan holda loyihagi quyidagi muhim o‘zgarishlarni keng yoritib berdi:
O‘zbekiston davlatining huquqiy maqomi bo‘yicha qatʻiy normalar kiritilayotganligi;
inson huquq va erkinliklarini taʻminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanayotganligi;
ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyiliga qaratilgan ijtimoiy davlat belgilari o‘z ifodasini topayotganligi;
aholi sog‘lig‘ini saqlashning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlanayotganligi;
taʻlim olish huquqi va o‘qituvchilar – Konstitutsiya himoyasida ekanligi;
majburiy mehnat taqiqlanishining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanayotganligi;
bozor mexanizmlarining yanada rivojlantirilayotganligi va xususiy mulk daxlsizligining kafolatlanayotganligi;
yoshlar, bolalar, ayollar huquqlari – davlat himoyasi ostida bo‘layotganligi;
fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilishga oid normalarning konstitutsiyaviy mustahkamlanayotganligi;
fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalariga oid normalarning yanada rivojlantirilayotganligi va boshqalar.
Seminar davomida ishtirokchilar Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga asoslantirilgan javoblar olishdi.

Yakunda, ishtirokchilar seminar juda qiziqarli o‘tganligini, asosiysi foydali bo‘lganligini va eng muhimi Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishganliklarini eʻtirof etishdi.