2022-yil 9-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazida “Pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tartib-qoidalari”, shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminotining tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi Davron Pozilov va hozirda O‘quv markazida malaka oshirayotgan budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.

Mazkur davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ–73-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktabrdagi 654-son qarori ijrosi yuzasidan pensiya tizimidagi oʻzgarishlar, qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida batafsil tushuntirish berildi. Shuningdek, hududlarda amaliyotda yuzaga keladigan muammolar va ularning yechimlari, pensiya va nafaqalar hujjatlarini rasmiylashtirish qoidalari va tayinlash tartibi, pensiyalar, jumladan, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni tayinlash, moliyalashtirish, ularning toʻlanishini hisobga olish va monitoringini yuritish, tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini oʻtkazish, ularning monitoringini olib borish boʻyicha fikrlar almashildi.

Davra suhbatida malaka oshirish kursi mutaxassislari mavzuga doir savollar va takliflar bilan faol ishtirok etdi. Kelgusida sohani yanada rivojlantirish boʻyicha muammoli masalalarning yechimi yuzasidan fikrlar almashildi.