O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-iyundagi 345-son “Ta’sischisi budjet tashkilotlari bo‘lgan unitar korxonalarga g‘aznachilik orqali xizmat ko‘rsatishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2022-yil
1-iyundan boshlab tajriba tariqasida, bosqichma-bosqich yil yakuniga qadar
Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi barcha unitar korxonalarga faqat Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan xizmat ko‘rsatilishi belgilandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi va Moliya vazirligi G‘aznachiligi hamkorlikda ta’sischisi budjet tashkilotlari bo‘lgan unitar korxonalar, shu jumladan Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi unitar korxonalarning xodimlari uchun davlat xaridlari hamda g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun mohiyatini tushuntirishga qaratilgan o‘quv-seminarini o‘tkazdi. Mazkur
o‘quv-seminarida Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llar qo‘mitasi tarkibidagi
251 ta unitar korxona rahbarlari va bosh hisobchilari hamda Moliya vazirligi G‘aznachiligining hududiy boshqarmalari mutaxassislari ishtirok etishdi.

O‘quv-seminarida Moliya vazirligi G‘aznachiligining “Moliyaviy resurslar, chet el valyutasidagi aktivlarni boshqarish va budjetning g‘azna ijrosi metodologiyasi” boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Akramov, Moliya vazirligining “Davlat xaridlari departamenti” bo‘lim boshlig‘i Sultonbek Mamanazarov hamda O‘quv markazi katta o‘qituvchisi Sanjar Boltayevlar ma’ruza bilan ishtirok etishdi. Ma’ruzachilar taqdimot jarayonida davlat xaridlari hamda g‘azna ijrosi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun mohiyatini seminar qatnashchilariga batafsil tushuntirib berishdi va ular tomonidan berilgan savollarga aniq va mazmunli javoblar qaytarishdi.

Seminar davomida mazkur davlat unitar korxonalari mutaxassislari ish jarayonida uchrayotgan muammoli vaziyatlar, ayniqsa davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan ishlash tartibi, moliyaviy-xo‘jalik munosabatlar hujjatlarini shakllantirishdagi tushunmovchiliklar va boshqa qator muammoli savollariga javoblar topishdi.
Tadbir yakunida, ishtirokchilar seminar qiziqarli o‘tganligini, asosiysi u foydali bo‘lganligini va bunday tadbirlar ta’sischisi budjet tashkilotlari bo‘lgan unitar korxonalarga g‘aznachilik orqali xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga yaqindan yordam berishini, ayniqsa Suv xo‘jaligi vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi barcha unitar korxonalarni bosqichma-bosqich g‘azna ijrosi bilan qamrab olinishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.