Joriy yilning 24 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazida vazirlikning Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Narzikulov Temur Malik Muxiddin o‘g‘li hamda Davlat ichki va tashqi qarzi departamenti bo‘lim boshlig‘i Mo‘ydinov Umidjon Ibroximjon o‘g‘li ishtirokida O‘quv markaz tinglovchilari va xodimlar uchun mo‘ljallangan onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
T. Narzikulov o‘zining “Ustuvor xalqaro reyting va indekslar” nomli taqdimotida seminar ishtirokchilarini jahondagi ustuvor xalqaro reyting va indekslar, xalqaro reyting va indekslarning o‘zaro bog‘liqligi, 2019-2020-yil davomida bu borada amalga oshirilgan asosiy ishlar, xalqaro reyting va indekslar bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmi, reyting beruvchi xalqaro reyting agentliklari, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy reytinglardagi natijalari bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirdi.
Ikkinchi ma’ruzachi U. Mo‘ydinov o‘zining “O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va uni samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” nomli taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining asosiy ko‘rsatkichlari, davlat qimmatli qog‘ozlari, davlat qarzi yo‘naltirilayotgan iqtisodiy tarmoqlar, O‘zbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati, O‘zbekiston Respublikasida ilk bor olingan suveren kredit reytingi va chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalari, davlat qarzini samarali boshqarishning ustuvor tamoyillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzini samarali boshqarishda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Onlayn seminar juda qiziqarli va sermazmun o‘tdi. Mutaxassislar seminar ishtirokchilaridan tushgan savollarga to‘laqonli javob berdilar.